Yangiliklar (for all)
Bu yil Yangi Toshkentdagi ayrim obyektlar ishga tushadi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi muammolar bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng dushanba kuni Yangi Toshkentdagi qurilish ob’ektlariga tashrif buyurdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi Toshkent qurilishi boshqarmasida davlat rahbariga ishlar borishi va keyingi qurilish rejalari bo‘yicha ma’lumot taqdim etildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, transport va muhandislik infratuzilmasini uyg‘un rivojlantirish, yashil zonalar va jamoat maydonlarini o‘zaro bog‘lash, shuningdek, Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududi bilan integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Prezident barcha loyihalarni «yagona shaharsozlik konsepsiyasi doirasida, yuqori sifat va arxitektura uyg‘unligini ta’minlagan holda» amalga oshirish zarurligini ta’kidladi, deb ma’lum qildi matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi bilan tanishdi. Rektorat binosi va bir qator fakultetlarda hozirda yakunlovchi qurilish-pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Kampus tarkibiga o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, talabalar turar joylari, sport va madaniyat ob’ektlari kiradi.
So‘ngra davlat rahbari O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi qurilishi bilan tanishdi. Ob’ekt yangi shaharning asosiy ilmiy-ma’rifiy markazlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda. U «o‘qish, ilmiy izlanish va madaniy-ma’rifiy muloqotni birlashtiruvchi zamonaviy markaz»ga aylanishi kerak.
Ma’lum qilinishicha, majmuadagi qurilish-pardozlash ishlari 90%ga bajarilgan. Kutubxonani foydalanishga topshirish shu yilning o‘zida rejalashtirilgan.
U kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini ta’minlash va zararsizlantirish uchun yuqori texnologik xonalarni o‘z ichiga oladi. 300 o‘rinli kafe, galereya, sport zonalari va dam olish maydonlari nazarda tutilgan.
Umumiy maydoni 30 ming kv. mdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1420 kitobxonga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Ko‘zi ojizlar uchun maxsus ta’lim va tadqiqot muhiti yaratilmoqda.
Tashrifning navbatdagi nuqtasi «Yangi O‘zbekiston» universiteti kampusi bo‘ldi. 50 gektar maydonda qurilayotgan majmua 10 ming talabaga mo‘ljallangan. Fakultetlar va rektorat binolari bilan bir qatorda bu yerda kutubxona, muzey, ko‘rgazma va multimedia zallari, sport majmuasi, suzish havzasi va talabalar turar joylari joylashadi.
«Yangi kampusda ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va talabalar hayotini birlashtiruvchi yagona muhitni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan», — deyilgan xabarda.
Prezident shuningdek, zamonaviy futbol stadioni qurilishi bilan tanishdi. U 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasiga aylanadi. Bu yerda turnirning yarim final va final o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena qurilishi 2025-yil noyabrida boshlangan. Olti qavatli sport majmuasi FIFA talablariga muvofiq qurilmoqda. Hozirgi kunga qadar ishlarning 65%i bajarilgan.
Tomoshabinlarni harakatlantirish uchun 10 dan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Stadion hududida uchta mashq maydonchasi va 5500 o‘rinli avtoturargoh jihozlanadi. Arena yaqinida metro bekati quriladi. U ham shahar transport tizimi bilan uyg‘un integratsiya qilinishi kerak.
Loyihada yashil energetika, «aqlli» boshqaruv va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilgan, deb ma’lum qildi prezident matbuot xizmati.
Manba: gazeta.uz